31/05/2026
“Tashabbusli sport” loyihasida ovoz berish jarayonlari yakunlandi.
Sport vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida, 21-maydan — 31-maygacha respublikamizning barcha tuman va shaharlarining har biriga bittadan sport maydonchasi qurib berish bo‘yicha tanlov yakuniga yetdi.
Bu yilgi mavsumda oʻz mahallasida sport maydonchasini qurish uchun respublikamiz boʻylab 3 153 ta mahalla uchun jami 1 524 506 ta ovoz yigʻildi.
Ushbu raqamlarni hududlar kesimida tahlil qilsak Qashqadaryo viloyati 246 990 ta, tumanlar kesimida Qashqadaryo viloyati Yakkabog’ tumani 43 051 ta, mahallalar kesimida esa Andijon viloyati Baliqchi tumani “Kattabuloq” mahallasi aholisi jami 21 545 ta ovoz toʻplab mamlakatimizda eng peshqadam boʻlishdi.
Sport vazirligi loyihada faol ishtirok etib, muvaffaqiyat qozongan yurtdoshlarimizni muborakbod etadi.
31/05/2026
Chavandozlarimiz xalqaro musobaqada 8 ta medalni qoʻlga kiritishdi
Qozogʻistonning Ostona shahrida Jahon kubogi doirasida ot sportining konkur (toʻsiqlardan sakrash) yoʻnalishida CSI1*-W turniri hamda ot yoʻrttirish ( viyezdka) yoʻnalishida CDI1*, CDI3* turniri boʻlib oʻtdi.
Joriy yilning 29-31-may kunlari boʻlib oʻtgan musobaqa bellashuvlarida terma jamoamiz vakillari 8 ta medal: 7 ta oltin, 1 ta kumush medalni qoʻlga kiritishdi.
21/05/2026
“Hokim Olimpiadasi”ning suzish bahslari yakunlandi
Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahrida suzish bo‘yicha “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining II bosqichi — “Hokim Olimpiadasi” bahslari bo‘lib o‘tdi.
Olimpiya shaharchasidagi Suzish havzasida tashkil etilgan musobaqalarda Toshkent shahrining barcha tumanlaridan tashrif buyurgan yosh sportchilar o‘zaro kuch sinashdi.
Yosh sportchilar bahslar davomida o‘zlarining tezkorligi, chidamliligi va mahoratini namoyon etishdi.
Bellashuvlar yakuniga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlandi.
20/05/2026
Olimpiya shaharchasida MMA bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda
Toshkent shahrida joylashgan Olimpiya shaharchasida tashkil etilgan nufuzli musobaqada qit’aning eng kuchli sportchilari g‘oliblik uchun oktagonda murosasiz jang olib bormoqda.
18–20-may kunlari yoshlar o‘rtasida MMA bo‘yicha II Osiyo chempionati bahslari o‘tkazilmoqda. Unda Osiyoning turli davlatlaridan kelgan iqtidorli yosh sportchilar o‘z mahorati, kuch-g‘ayrati va jangovar tayyorgarligini namoyon etmoqda.
Shuningdek, 22–24-may kunlari esa kattalar o‘rtasida MMA bo‘yicha IV Osiyo chempionati bahslari bo‘lib o‘tadi.
Yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarning final bahslari ham yuqori ruhda tashkil etildi. Unda Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlarni munosib taqdirladi.
Chempionatning tantanali ochilish marosimi 22-may kuni soat 17:00 da “Olimpiya shaharchasi”dagi Yakkakurash sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
19/05/2026
Bugun Sport vaziri oʻrinbosari Avazjon Qudratillayevich Karimov tavallud topgan kun.
Avazjon Qudratillayevich sport sohasini rivojlantirish hamda zamonaviy sport infratuzilmasini bunyod etish borasida samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi jamoasi nomidan Avazjon Qudratillayevichni bugungi quvonchli kun bilan samimiy muborakbod etamiz.
17/05/2026
Yosh zamonaviy beshkurashchilarimiz Osiyo chempionatida 4 ta medal qoʻlga kiritishdi
12-16-may kunlari Indoneziyaning Jokyakarta shahrida zamonaviy beshkurash boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi vakillari 1 ta oltin va 3 ta kumush medalga sazovor boʻlishdi.
🥇 Oltin medal:
Mehriniso Qahramonova (U17, yakkalik)
🥈 Kumush medal:
Samira Abzalova (U19, yakkalik)
Muhammadamin Sultonbekov / Mehriniso Qahramonova (U17, mikst)
Mehriniso Qahramonova, Sabina Yoʻldosheva, Muzayyana Murataliyeva (U17, jamoaviy)
17/05/2026
Bishkekdagi xalqaro musobaqalar O‘zbekiston sportchilari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi
Qirg‘izistonning Bishkek shahrida ot sportining viyezdka va konkur yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
Unda bir qator davlatlardan tashrif buyurgan sportchilar g‘oliblik uchun bahs olib bordilar.
Musobaqa davomida O‘zbekiston vakili Alina Shevtsova yuqori mahorat namoyish etib, CDI3* Grand Prix, CDI1*, CDI3* Grand Prix Freestyle hamda CDI1* Intermediate I Freestyle yo‘nalishlarida “Zamperoni” va “Nocito De Muze” otlari bilan jami 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Jahon kubogining uchinchi bosqichi doirasida o‘tkazilgan CSI1*-W 110 balandlikdagi yo‘nalishda O‘zbekiston terma jamoasi vakili Shokirov Dilshod “Lady” laqabli oti bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.
🇺🇿 Yakunda hamyurtlarimiz xalqaro musobaqalarni 4 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan yakunlashdi.
Web-Sayt | Telegram | Facebook | Instagram | Youtube
16/05/2026
Bahodir Jalolov nomidagi boks maktabi sportchilari Osiyo chempionatida 13 ta medalni qo‘lga kiritdi
Xabaringiz bor, Toshkent shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida kichik o‘smirlar o‘rtasidagi bahslar yakuniga yetdi. Musobaqada O‘zbekiston U-15 terma jamoasi 13 ta oltin, 8 ta kumush va 6 ta bronza, jami 27 ta medal bilan umumjamoa hisobida Osiyoda tengsiz ekanini namoyish etdi.
Hamyurtlarimiz safida yurtimiz sharafini himoya qilgan Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabi vakillari 13 ta medalni qo‘lga kiritdi:
🥇 5 ta oltin medal
🥈 6 ta kumush medal
🥉 2 ta bronza medal.
15/05/2026
Tavallud ayyomingiz muborak bo‘lsin, hurmatli Otabek Muhammadaliyevich!
Bugun Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari, Xalqaro avtomobil federatsiyasi Senati a’zosi Otabek Umarovning tavallud ayyomi.
Otabek Muhammadaliyevich Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan sport sohasidagi keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishda kamarbasta bo‘lib, O‘zbekistonni sport mamlakati sifatida yuksaltirish maqsadida olimpiya harakatini yangi bosqichga olib chiqish, sportni ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida tashabbuskorlik ko‘rsatib kelmoqda.
Mamlakatimiz sportchilarining “Los-Anjeles–2028” Olimpiya o‘yinlariga puxta va tizimli tayyorgarlik ko‘rishi, terma jamoalar uchun zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasidagi amaliy ishlarda uning munosib hissasi alohida e’tirofga loyiq.
Ayniqsa, Otabek Muhammadaliyevichning imkoniyati cheklangan sportchilarga bo‘lgan alohida e’tibori, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi, sport orqali o‘z iqtidorlarini namoyon etishi borasida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlari ham tahsinga sazovor. Bu ezgu ishlar mamlakatimizda inson qadri va manfaatlari ustuvor ekanining yana bir amaliy ifodasidir.
Sport vazirligi jamoasi Otabek Umarovni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli va sharafli faoliyatida ulkan zafarlar, Yangi O‘zbekiston sporti taraqqiyoti yo‘lidagi ezgu ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.
14/05/2026
Sport vazirligida rahbar va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi
Mamlakatimizda yoshlar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, ularning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Bugun payshanba “Yoshlar kuni” munosabati bilan Sport vaziri o‘rinbosari Murad Ismailov Olimpiya shaharchasida Respublika o‘smirlar oliy sport mahorati maktabi o‘quvchi-yoshlari bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, sport sohasida olib borilayotgan islohotlar hamda yoshlarning ushbu jarayonlardagi faolligi va tashabbuskorligi haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, yosh sportchilarning fikr-mulohazalari tinglanib, ularning kelgusidagi maqsad va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.